“Guliston Ekstrakt Yog’”AJ
2017 yil  “11” oktyabrdagi
181i-sonli buyrg’iga
1-ilova

O’zbekiston yoshlar ittifoqining
“Guliston Ekstrakt Yog’” AJ
boshlang’ich tashkilotlari to’g’risida
N I Z O M

 

I. Umumiy qoidalar

 

1. O’zbekiston yoshlar ittifoqining “Guliston Ekstrakt Yog’” AJ qo’shma korxonasidagi boshlang’ich tashkiloti (keyingi o’rinlarda boshlang’ich tashkilot, deb yuritiladi) Ittifoqning Ustavi va Dasturida belgilangan maqsad va vazifalarni amalga oshiruvchi hamda yoshlarni birlashtiruvchi quyi organidir.

2. Boshlang’ich tashkilot o’z faoliyatini tashkil etishda “Yoshlarga oid davlat siyosati to’g’risida”, “Nodavlat notijorat tashkilotlari to’g’risida”, “Jamoat birlashmalari to’g’risida”gi O’zbekiston Respublikasi qonunlari, shuningdek, O’zbekiston yoshlar ittifoqining Ustavi va Dasturiga asoslanadi.

3. Boshlang’ich tashkilotga O’zbekiston yoshlar ittifoqi Markaziy Kengashi Ijroiya qo’mitasi qarori bilan yuridik shaxs maqomi berilishi mumkin. Mazkur masalani ko’rib chiqishda, birinchi navbatda, uning moliyaviy imkoniyatlari hisobga olinadi.

II. Boshlang’ich tashkilotning maqsadi va vazifalari

4. Boshlang’ich tashkilotning asosiy maqsadi korxonada faoliyat yuritayotgan yosh mutaxassislarning tashabbuslarini qo’llab-quvvatlash, ular orasidan iste’dodli va iqtidorli yoshlarni yuzaga chiqarish, yosh mutaxassislarning “Ustoz-shogird” an’anasiga muvofiq etuk mutaxassis bo’lishlariga ko’maklashish, shuningdek, yoshlarning ijtimoiy muammolarini echishda ko’maklashishdan iborat.

5. Boshlang’ich tashkilotning asosiy vazifalari quyidagilardan iborat:

- yosh mutaxassislar, ishchi-xodimlarning tashabbuslarini qo’llab-quvvatlash, ularning innovastion g’oyalarini amaliyotda tatbiq etishda ko’maklashish, yosh xodimlarga ijodiy va intellektual salohiyatini ro’yobga chiqarishi uchun sharoit yaratish;

- ishchi-xodimlar bilan muloqot olib borish, ularning shaxsiy hayotidagi hamda mehnat joyidagi muammolari ijobiy hal etilishida yaqindan ko’maklashish;

- yangi ish boshlagan ishchi-xodimlarni “Ustoz-shogird” an’anasiga muvofiq malakali mutaxassislarga biriktirish, malakali ustozlar tomonidan yosh mutaxassislarga mehnat sir-asrorlari o’rgatilishini monitoring qilib borish;

- yoshlarni ma’naviy-ahloqiy jihatdan tarbiyalash, ularni sog’lom turmush tarzi hamda ommaviy sportga jalb etish.

III. Boshlang’ich tashkilotning huquqlari va majburiyatlari

7. Boshlang’ich tashkilot huquqlari quyidagilardan iborat:

-  kengashning komissiyalari ishida, boshqaruv kengashlarining yoshlar masalalari bilan bog’liq barcha yig’ilishlarida ishtirok etish, shuningdek, rahbariyat, yuqori tashkilot va organlarga takliflar kiritish;

- Ittifoq a’zosi hisoblangan ishchi-xodimlarni ishdan bo’shatish yoki intizomiy jazo choralarini ko’rishdan avval rahbariyatga munosabat bildirish;

- korxonaning barcha quyi bo’linmalaridagi yosh-xodimlar manfaatlarini himoya qilish yuzasidan jamoatchilik nazoratini o’rnatish;

- o’z faoliyatiga doir ma’lumotlarni tarqatish, targ’ib etish hamda yig’ilishlar, majlislar, tadbirlar, anjumanlar, seminar va davra suhbatlarini o’tkazish;

- mazkur nizomda belgilangan tartibda korxonada o’z tuzilmalarini tashkil etish.

Boshlang’ich tashkilot tegishli me’yoriy-huquqiy hujjatlarda nazarda tutilgan boshqa huquqlardan ham foydalanishi mumkin.

8. Boshlang’ich tashkilot majburiyatlari quyidagilardan iborat:

- O’zbekiston Respublikasining qonun va qonun osti hujjatlari, O’zbekiston yoshlar ittifoqining Ustavi hamda korxonaning ichki tartib-qoidalariga rioya qilish;

-  Ittifoqning mahalliy kengashiga o’z faoliyati to’g’risidagi hisobotlarni o’rnatilgan tartibda taqdim etish;

- korxonada ma’naviy-ma’rifiy ishlarni amalga oshirish, yoshlar o’rtasida turli tadbirlarni tashkil etish.

Boshlang’ich tashkilot tegishli me’yoriy-huquqiy hujjatlarda nazarda tutilgan boshqa majburiyatlarga ham ega.

 IV. Korxonadagi boshlang’ich
tashkilotda Ittifoqqa a’zolarni hisobga olish
va a’zolikdan chiqarish

9. Yoshlarni Ittifoqqa a’zolik qilish O’zbekiston yoshlar ittifoqi Ustavida belgilangan tartibda amalga oshiriladi.

10. Ittifoqqa ta’lim muassasalarida a’zo bo’lgan yoshlar korxona, tashkilot va muassasaga ishga qabul qilingan taqdirda boshlang’ich tashkilot tomonidan hisobga olinadi va ishdan bo’shagach, hisobdan chiqariladi.

V. Boshlang’ich tashkilotning tashkiliy tuzilmasi

11. Boshlang’ich tashkilotning tashkiliy tuzilmasi tarkibiga quyidagilar kiradi:

- a’zolarning umumiy (hisobot-saylov) yig’ilishi;

- boshlang’ich tashkilot kengashi;

- boshlang’ich tashkilot yo’nalishlari.

12. Boshlang’ich tashkilotda hisobda turgan Ittifoq a’zolarining bir yilda kamida bir marta o’tkaziladigan umumiy (hisobot-saylov) yig’ilishi uning rahbar organi hisoblanadi. Umumiy (hisobot-saylov) yig’ilishida boshlang’ich tashkilot etakchisining yillik faoliyati yuzasidan hisoboti eshitiladi, muhokama qilinadi hamda boshlang’ich tashkilot etakchisi saylanadi.

13. Umumiy (hisobot-saylov) yig’ilishi o’z ishida jami ishtirokchilar (delegatlar)ning uchdan ikki qismi ishtirok etgan taqdirdagina vakolatli hisoblanadi. Ushbu organ tomonidan qabul qilinadigan qarorlar ishtirokchilarning yarmidan ko’pi ovoz bergan taqdirda qabul qilingan hisoblanadi.

14. Umumiy yig’ilish vakolatlariga quyidagilar kiradi:

- boshlang’ich tashkilot umumiy faoliyatiga oid qarorlar qabul qilish, yillik umumiy faoliyati bo’yicha hisobotini eshitish, baholash, kengashi a’zolari sonini belgilash, uning tarkibi hamda etakchisini saylash;

- Ittifoq a’zoligiga qabul qilish va a’zolikdan chiqarish;

- uzoq muddatli (yillik) ish rejasini tasdiqlash;

- yuridik shaxs maqomi berilgan boshlang’ich tashkilotlarda uning shtatlar jadvalini tasdiqlash;

- boshlang’ich tashkilot faoliyatini tugatish to’g’risida qaror qabul qilish.

15. Boshlang’ich tashkilot kengashi – Ittifoq a’zolari orasidan kamida besh kishidan iborat tarkibda saylab olinadigan boshlang’ich tashkilot ijroiya organi hisoblanadi. Kengashga boshlang’ich tashkilot etakchisi rahbarlik qiladi. Kengash tashkilot oldida turgan vazifalar, tasdiqlangan reja va tadbirlarning amalga oshirilishini ta’minlaydi. Ittifoqning yuqori tashkilotlari qarorlari ijrosi bo’yicha chora-tadbirlar belgilaydi hamda amalga oshiradi, boshlang’ich tashkilotning kundalik faoliyatini boshqaradi.

16. Boshlang’ich tashkilot kengashi o’z ishida jami qatnashchilarning uchdan ikki qismi ishtirok etganda va qaror qabul qilishda qatnashchilarning yarmidan ko’pi ovoz berganda vakolatli hisoblanadi.

17. Boshlang’ich tashkilot kengashi tarkibiga Ittifoqning yakka yoki jamoaviy tartibdagi a’zolari orasidan yo’nalish koordinatorlari saylanadi.

18. Boshlang’ich tashkilot kengashi:

- Ittifoqning dasturiy maqsad va vazifalarini amalga oshiradi, Ittifoqning yuqori organlari va boshlang’ich tashkilotning umumiy yig’ilishi qarorlarini bajaradi, boshlang’ich tashkilotning ichki me’yoriy hujjatlarini tasdiqlaydi;

- boshlang’ich tashkilotning kundalik faoliyatiga oid qarorlar qabul qiladi, Ittifoq a’zoligiga qabul qilish va a’zolikdan chiqish ishlarini olib boradi;

- Ittifoq a’zolarining huquq va manfaatlarini himoya qilishga doir masalalarni ko’rib chiqadi;

- umumiy yig’ilish va Ittifoqning yuqori organlari topshirig’iga binoan boshqa masalalarni hal etadi.

19. Boshlang’ich tashkilot etakchisi boshlang’ich tashkilotning hisobot-saylov yig’ilishida ochiq ovoz berish yo’li bilan saylanadi.

20. Boshlang’ich tashkilot etakchisi lavozimiga 35 yoshdan oshmagan, korxona, tashkilot va muassasada mehnat faoliyatini olib borayotgan, umumiy uch yillik mehnat stajiga ega bo’lgan xodimlar nomzodi ko’rib chiqiladi.

21. Boshlang’ich tashkilot etakchisining vazifa hamda vakolatlariga quyidagilar kiradi:

- mazkur Nizom doirasida boshlang’ich tashkilot faoliyatini tashkil qilish, unga rahbarlik qilish hamda umumiy faoliyatni muvofiqlashtirish;

- Ittifoqning yuqori organlari, boshlang’ich tashkilotning rahbar va ijroiya organlari qarorlari bajarilishini ta’minlash;

- boshlang’ich tashkilot kengashi a’zolari orasidan boshlang’ich tashkilot yo’nalish koordinatorlarini tayinlash;

- boshlang’ich tashkilotning rahbar organlari qaroriga ko’ra boshqa vakolatlarni bajarish hamda mazkur Nizomga zid bo’lmagan vazifalarni amalga oshirish.

22. Mazkur Nizomda belgilangan maqsad va vazifalarni amalga oshirish uchun boshlang’ich tashkilot quyidagi yo’nalishlarda faoliyat olib boradi:

23. Madaniy-ma’rifiy va huquqiy targ’ibot yo’nalishi koordinatori:

- yoshlarni ma’naviy-axloqiy jihatdan, vatanparvarlik ruhida tarbiyalash hamda mamlakatimizda amalga oshirilayotgan ijtimoiy-siyosiy va iqtisodiy islohotlarning mazmun-mohiyatini yoshlar ongiga chuqur singdirishga qaratilgan davra suhbatlari, ochiq muloqotlar, seminar-trenninglar tashkil etadi;

- chetdan “ommaviy madaniyat” niqobi ostida kirib kelayotgan, milliy ma’naviyatimizga zid bo’lgan ma’naviy tahdidlardan himoya qilishga qaratilgan targ’ibot ishlarini olib boradi;

- ishchi-xodimlar o’rtasida ma’naviy-axloqiy muhitni muntazam o’rganib boradi, yoshlar o’rtasida ma’naviy va madaniy tadbirlarni tashkil etadi;

- hududdagi diqqatga sazovor joylar hamda tarxiy obidalarga sayohatlar uyushtiradi;

- yoshlarning siyosiy madaniyati, huquqiy ongi va savodxonligi, fuqarolik mas’uliyati va ijtimoiy faolligini oshirish bo’yicha chora-tadbirlar majmuini ishlab chiqadi va amalga oshiradi.

24. Ommaviy tadbirlar va sport-salomatlik masalalari yo’nalishi koordinatori:

- mehnat jamoasidagi yoshlar o’rtasida ommaviy tadbirlarni tashkil etadi;

- yoshlarning kayfiyati va intilishlarini qo’llab-quvvatlaydi, ular ishtirokida turli xil ko’ngilochar konstert dasturlari, tanlov hamda boshqa ommaviy tadbirlarni tashkil etadi;

- ishchi-xodimlar muntazam ravishda sport bilan shug’ullanishi uchun uzoq muddatli kompleks chora-tadbirlar dasturini ishlab chiqadi va tashkil etadi;

- ishchi-xodimlarni sog’lomlashtirish, ularni sog’lom turmush tarzi talablari asosida hayot kechirishiga qaratilgan targ’ibot tadbirlarini o’tkazadi;

- korxonalar va tashkilotlar hududi, shuningdek, uning atrofidagi hududlarida obodonlashtirish-ko’kalamzorlashtirish ishlarini tashkil etadi.

25. “Ustoz-shogird” an’anasini muvofiqlashtirish va yosh xodimlarni kasbiy malakasini oshirish yo’nalishi koordinatori:

- yosh xodimlar, yangi ishga kirgan yosh mutaxassislarni malakali mutaxassislarga shogird sifatida biriktiradi;

- yosh mutaxassis bilan malakali mutaxassisning olib borayotgan ishlarini monitoring qiladi;

- yoshlarning kasbiy ko’nikmasini yanada oshirish bo’yicha chora-tadbirlar ishlab chiqadi va amalga oshiradi;

- yosh kadrlarning kasbiy yuksalishiga xizmat qiladigan mahorat darslarini o’tkazadi;

- o’rta maxsus, kasb-hunar hamda oliy ta’lim muassasalaridan korxona, tashkilot va muassasalarga amaliyot o’tash uchun yuborilgan o’quvchi hamda talaba-yoshlarni belgilangan tartib asosida amaliyot o’tashiga sharoit yaratib beradi, ularga uslubiy-amaliy yordam ko’rsatadi.

26. Ijtimoiy-iqtisodiy yo’nalish koordinatori:

- korxonalar va tashkilotlarda mehnat qilayotgan ijtimoiy himoyaga muhtoj ishchi-xodilarning maishiy turmush sharoitini yaxshilash bo’yicha takliflar ishlab chiqadi, ular xonadonidagi tomorqadan unumli foydalanishi bo’yicha mashg’ulotlar tashkil etadi;

- korxonalar va tashkilotlardagi ishchi-xodimlarga iste’mol kreditlari ajratilishida ko’maklashadi;

- korxonalar va tashkilotlarda ishlab, nafaqaga chiqqan nuroniylar holidan xabar olish mexanizmini ishlab chiqadi va amalga oshirilishini ta’minlaydi;

- korxonalar va tashkilotlar joylashgan hududda istiqomat qiluvchi ijtimoiy himoyaga muhtoj, kam ta’minlangan oila farzandlari hamda imkoniyati cheklangan yoshlarning turmush sharoitini o’rganib boradi, ularni qo’llab-quvvatlash bo’yicha rahbariyatga takliflar kiritadi;

- Mehribonlik, Sahovat uylarida korxona, tashkilot va muassasa nomidan turli xil tadbirlar tashkil etish hamda ko’makka muhtojlarga bayramlar arafasida sovg’a-salomlar ulashish yuzasidan chora-tadbirlar ko’radi.

 VI. Boshlang’ich tashkilot faoliyatini
moddiy qo’llab-quvvatlash

27. Boshlang’ich tashkilot korxona rahbariyati tomonidan kamida 1 ta xona, mebel jihozlari (2 ta ish stoli, 1 ta katta aylana stol, 15 ta stul, 2 ta shkaf), 1 ta kompyuter jamlamasi (internet tarmog’iga ulangan), 1 ta proektor jamlamasi, printer, nusxa ko’paytirish uskunasi, fotoapparat, videokamera, akustika uskunalari, devonxona mollari, stendlar, enstiklopediyalar, badiiy va ilmiy-ommabop kitoblar bilan ta’minlanadi hamda yoshlar uchun mo’ljallangan gazeta va jurnallar obunasini tashkil etiladi.

28. Boshlang’ich tashkilotga O’zbekiston yoshlar ittifoqi mahalliy kengashi tomonidan tegishli uslubiy qo’llanmalar, ko’rgazmali vositalar, turli ma’naviy-ma’rifiy, tarbiyaviy mavzudagi va boshqa tarqatma, targ’ibot materiallari etkazib beriladi.

29. Boshlang’ich tashkilotning ish rejasidagi asosiy masalalar korxonaning yillik ish rejasiga kiritilib, moliyalashtiriladi.

30. Yuridik shaxs maqomiga ega bo’lgan boshlang’ich tashkilot korxona  rahbariyati hamda O’zbekiston yoshlar ittifoqining mahalliy kengashini ogohlantirgan holda maqsad va vazifalari doirasidagi chora-tadbirlarni amalga oshirishga qaratilgan turli grant va beg’araz homiylik dasturlarida ishtirok etishi mumkin.

VII. Boshlang’ich tashkilot faoliyatini to’xtatish
va tugatish tartibi

31. Boshlang’ich tashkilot faoliyati boshlang’ich tashkilot ochilgan korxonalar va tashkilotlar tugatilganda Ittifoq a’zolarining umumiy yig’ilishi qarori yoki qonunchilikda ko’zda tutilgan boshqa jihatlarga ko’ra to’xtatiladi.

32. Boshlang’ich tashkilot yuridik shaxs maqomiga ega bo’lsa, uning faoliyati tugatilgandan keyin xodimlar tarkibiga oid hujjatlar amaldagi qonunchilikda belgilangan tartibda O’zbekiston Respublikasining arxiv muassasalariga saqlash uchun topshiriladi.

Print Friendly